Oltin quymalari narxi yana rekordni yangiladi

Oʻzbekiston Markaziy bankining ma’lum qilishicha, besh grammlik oltin quymasining narxi 6,291 mln soʻmga koʻtarildi.
Shuningdek, 10 grammlik quyma 12,58 mln soʻmga, 20 grammlik quyma 25,16 mln soʻmga qimmatlashdi. 50 va 100 grammlik quymalarning sotuv narxi esa 62,91 va 125,83 mln soʻmni tashkil etdi. Qimmatbaho metallar narxi yil boshidan buyon 11,1 foizga oshdi.
Goldman Sachsʼning soʻnggi prognoziga koʻra, joriy yil oxiriga kelib, jahon markaziy banklari va xususiy investorlar tomonidan sotib olishning koʻpayishi fonida oltin bir troya unsiyasi uchun $3,1 minggacha qimmatlashadi. Agar AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining tarif siyosati bilan bogʻliq noaniqlik saqlanib qolsa, qimmatbaho metall narxi $3,3 mingga yetishi mumkin.
Citigroup tahlilchilari yaqin uch oy ichida troya unsiyasi uchun $3 ming narxda boʻlishini kutmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekiston oltin-valyuta zaxiralari qiymati qanday oʻzgargani haqida yozgan edi.