OTB Oʻzbekistonga suv resurslarini boshqarish uchun $125 mln ajratadi

eʼlon qilindi
Bu haqda bank matbuot xizmati Kursiv Uzbekistanʼga xabar berdi
Foto: CNBC

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Oʻzbekistonda suv resurslaridan samarali foydalanishni oshirish va suv xavfsizligini yaxshilash maqsadida $125 million miqdorida qarz ajratadi. Bu haqda bank matbuot xizmati Kursiv Uzbekistanʼga xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 18-fevral kuni OTB ushbu mablagʻni Oʻzbekiston hukumatining suv ta’minotini modernizatsiya qilish, barqaror boshqaruv tizimini yoʻlga qoʻyish va aholining xavfsiz suvdan foydalanish imkoniyatini kengaytirish borasidagi sa’y-harakatlarini qoʻllab-quvvatlash uchun ajratadi.

OTBning Oʻzbekistondagi doimiy vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Arayaning ta’kidlashicha, Oʻzbekiston suv resurslari iqlim oʻzgarishi va samarasiz foydalanish sababli jiddiy bosim ostida. Ushbu loyiha esa suvdan foydalanish samaradorligini oshirish, energiya sarfini kamaytirish va ilgʻor boshqaruv tizimlarini joriy etish orqali uglerod izini kamaytirishga yordam beradi.

Loyiha doirasida «Oʻzsuvta’minot» AJ va uning hududiy filiallari suv iste’moli obyektlarida hisob-kitob tizimini takomillashtirish va telemetriya tizimini joriy etishda qoʻllab-quvvatlanadi. Shu bilan birga, butun suv ta’minoti va oqova suv infratuzilmasi boʻyicha aktivlar inventarizatsiyasi oʻtkaziladi va geografik xaritalash ishlari amalga oshiriladi.

Shuningdek, loyiha kommunal xizmatlarni IT asosida boshqarish tizimlarini ishga tushirish, suv ta’minoti xodimlarini oʻqitish va mijozlar markazlarining ishini takomillashtirishni ham oʻz ichiga oladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan OTB operatsiyalarni 50 foizga kengaytirish rejasini ma’qullagani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek