
Buyuk Britaniya Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkiloti (JST)ga a’zo boʻlish jarayonini toʻliq qoʻllab-quvvatlashini tasdiqladi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar bermoqda.
Xabarga koʻra, Oʻzbekiston elchixonasi koʻmagida prezidentning JST masalalari boʻyicha maxsus vakili Azizbek Urunov Londonga tashrif buyurdi. Tashrif davomida Britaniya biznes va savdo vazirining oʻrinbosari Garet Tomas, shuningdek, Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati va ekspertlar bilan muzokaralar oʻtkazildi.
Uchrashuvlar chogʻida Buyuk Britaniya Oʻzbekistonni Markaziy Osiyodagi muhim hamkorlardan biri sifatida koʻrishini va ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, tomonlar xalqaro savdo tendensiyalari yuzasidan fikr almashdi. Buyuk Britaniya Jahon banki koʻmagida amalga oshirilayotgan iqtisodiy oʻsish va rivojlanish dasturi doirasida Oʻzbekistonning JSTga a’zo boʻlish jarayoniga texnik yordamni kengaytirish, shuningdek, mutaxassislarning institutsional salohiyatini mustahkamlash va xalqaro savdo boʻyicha bilimlarini oshirish boʻyicha kelishuvga erishdi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha yana bir mamlakat bilan muzokara olib borgani haqida xabar bergan edi.