O‘zbekistonda o‘ziga kredit ajratishni taqiqlovchi qonun ma’qullandi

Senatning 20-fevraldagi yalpi majlisida o‘ziga kredit ajratishni taqiqlashni nazarda tutuvchi qonun ma’qullandi.
Mazkur qonun bilan «Kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risida»gi Qonunga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kredit munosabatlarini takomillashtirishga qaratilgan. Unga ko‘ra, jismoniy shaxslar bilan kredit bitimlarini tuzishga taqiq belgilash va uni bekor qilish tartibi, shuningdek, taqiqni buzgan holda kredit ajratganlarga nisbatan javobgarlik choralarini belgilash nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, kredit bitimi tuzish taqiqlangan shaxslar reyestrini yuritish tartibi, unga kiritish va chiqarish shartlari hamda bu taqiqni buzgan kredit tashkilotlariga nisbatan javobgarlik choralari belgilanmoqda.
Senatorlar ushbu qonunning qabul qilinishi orqali firibgarlikning oldini olish, fuqarolarning roziligisiz kredit rasmiylashtirish amaliyotiga chek qo‘yish imkoniyati yaratilishini ta’kidlashdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan prezident onlayn kredit olish tartibini soddalashtirish boʻyicha topshiriq bergani haqida xabar bergan edi.