Senat tomonidan faktoring xizmatlari to‘g‘risidagi qonun loyihasi ma’qullandi

20-fevral kuni Senat O‘zbekistonda faktoring xizmatlarini rivojlantirishga qaratilgan qonun loyihasini ma’qulladi. Bu haqda Oliy Majlis yuqori palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjat biznesni moliyalashtirishning muqobil usullari, jumladan, faktoring va kafillikni joriy etishga qaratilgan. U Qonunchilik palatasida 2024-yil dekabr oyida birinchi o‘qishda, yanvarda esa asosiy o‘qishda qabul qilingan.
Qonun loyihasiga ko‘ra, mijozning kontragenti norezident bo‘lgan hollarda chet el valyutasida faktoring operatsiyalariga ham ruxsat beriladi. Bunday holda moliyaviy agentga to‘lov amalga oshirilgan mamlakat va valyutani o‘zgartirishga ruxsat berilmaydi.
Firibgarlikning oldini olish maqsadida pul talabini boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risidagi bildirishnomalar garov reyestrida ro‘yxatga olinadi. Faktoring kompaniyalari nobank kredit tashkilotlarining alohida turi sifatida tan olinadi.
Bundan tashqari, tadbirkorlik subyektlariga kredit tashkilotlari oldidagi majburiyatlarining bajarilishini ta’minlash uchun kafolatlar (kafillik) beruvchi tashkilotlarni tashkil etish nazarda tutilmoqda. Ularning ishi faktoring kompaniyalari bilan bir qatorda Markaziy bank tomonidan tartibga solinadi.
Faktoring kompaniyalari uchun eng kam ustav kapitali 2 milliard so‘mni tashkil etadi. Kafillik tashkilotlari uchun limit 100 milliard so‘m etib belgilandi.
Qonun loyihasida, shuningdek, nobank kredit tashkilotlarining aksiyalari bilan operatsiyalarni tartibga soluvchi qoidalarga o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutilgan. Ular ustav kapitalining 10-20% ulushini sotib olayotganda Markaziy bankni xabardor qilishlari kerak, 20% va undan ortiq ulushga ega boʻlgan bitim uchun esa regulyatorning ruxsati talab qilinadi.
IFCning O‘zbekiston va Turkmaniston bo‘yicha menejeri Nil Makkeyn Kursiv Uzbekistan bilan suhbatda faktoring xizmatining kichik va o‘rta biznes uchun ahamiyatini alohida ta’kidlagan edi.
«Faktoring kichik biznes uchun xavflarni yirik kompaniyalarga o‘tkazish imkonini beradi. Bank kichik korxonaga kapital ajratganida, xaridor xavfini o‘z zimmasiga oladi», – degan edi u.