«Yandeks» daromadi $12 milliarddan oshdi

«Yandeks» kompaniyasining 2024-yilgi daromadi 37% ga o‘sib, deyarli 1,1 trln rublga (taxminan $12,1 mlrd) yetdi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, eng katta daromad qidiruv tizimi va portalga to‘g‘ri kelib, ular kompaniyaga 439 mlrd rubl (taxminan $4,85 mlrd) keltirdi. Elektron tijorat va yetkazib berish xizmati yil davomida 45% o‘sib, 322 mlrd rubl (taxminan $3,6 mlrd) daromad berdi. Obuna xizmati esa 47% ga oshib, 98 mlrd rublga (taxminan $1 mlrd) yetdi.
Kompaniyaning tuzatilgan sof foydasi ikki barobarga oshib, yil yakunida 101 mlrd rublni (taxminan $1,1 mlrd) tashkil etdi.

«Yandeks» qidiruv tizimi Runet bozorining 66,4% ulushiga egalik qiladi. Kompaniya xizmatlarining faol foydalanuvchilari soni 110 mln.dan oshdi. Jumladan, taksi, avtomobil va skuterlardan ijaraga foydalanish xizmatlariga 53,2 mln foydalanuvchi murojaat qildi, «Yandeks Plyus» obunasini esa 39,2 mln kishi rasmiylashtirdi.
Yandex Go xizmati hamkorlari yil davomida qariyb 1,3 trln rubl ($14,2 mlrddan ortiq) daromad ko‘rdi.
«Yandeks» direktorlar kengashi aksiyadorlarga har bir aksiya uchun 80 rubl (taxminan 88 sent) dividend to‘lashni tavsiya qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yandex Uzbekistan kuryerlar uchun sugʻurta dasturini ishga tushirgan edi.