AQSh BMTdan chiqish haqida oʻylamoqda

eʼlon qilindi
Hujjat mualliflaridan biri bo‘lgan yutalik senator Mayk Lining rasmiy saytida ushbu tashabbus e’lon qilindi
BMT qarorgohi. Foto: Spencer Platt / Getty Images

AQShning respublikachi senatorlari mamlakatning BMTdan chiqishi toʻgʻrisidagi qonun loyihasini taqdim etdi. Hujjat mualliflaridan biri boʻlgan yutalik senator Mayk Lining rasmiy saytida ushbu tashabbus e’lon qilindi.

Qonun loyihasida tashkilot va uning tuzilmalarini moliyalashtirishni butunlay toʻxtatish haqida soʻz boradi. Senatorlar Marsha Blekbern (Tennessi) va Rik Skott (Florida) loyihaga hammualliflik qildi.

Loyihaga koʻra, AQSH nafaqat BMTga pul oʻtkazmalarini toʻxtatishi, balki Senatning roziligisiz tashkilotga qaytishni taqiqlashi, shuningdek, tinchlikparvarlik operatsiyalarida ishtirok etishdan bosh tortishi kerak.

Lining ta’kidlashicha, qonun loyihasining ishlab chiqilishi «koʻp yillik nazoratsiz byurokratik ekspansiya va amerikalik soliq toʻlovchilar mablagʻlari hisobidan amalga oshirilgan BMTning moliyaviy suiiste’molliklariga» javobdir.

«BMT zolimlar uchun platformaga, Amerika va uning ittifoqchilariga hujum qilish maydoniga aylangan. Endi bunga pul toʻlashni toʻxtatishimiz kerak. Prezident Tramp tashqi siyosatimizda inqilob qilayotgan vaqtda Amerikani birinchi oʻringa qoʻyib, biz ham bu soxta tashkilotdan chiqib, mamlakatimiz xavfsizligi va farovonligini taʼminlaydigan haqiqiy ittifoqlarga ustuvorlik berishimiz zarur», – dedi Li Fox News telekanaliga bergan intervyusida.

Chip Roy ushbu pozitsiyani qoʻllab-quvvatlab, BMT koʻp yillar davomida urushlar, genotsid aktlari, inson huquqlari buzilishi va hatto epidemiyalarning oldini olish uchun katta moliyaviy sarmoya kiritganiga qaramay kutilgan natijalarga erisha olmaganini ta’kidladi.

Fox News Xalqaro munosabatlar kengashiga (CFR) tayanib xabar berishicha, 2022-yilda Oq uy BMT budjetiga $18 milliarddan ortiq mablagʻ ajratgan boʻlib, bu tashkilotning barcha xarajatlarining qariyb uchdan bir qismini tashkil etgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh prezidenti Donald Tramp Venesuelani mamlakat uchun asosiy raqib deb bilishi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek