Tadbirkor telefonlarni deklaratsiyalash va IMEI roʻyxatidan oʻtkazish jarayonida mavjud bo‘lgan muammolarga e’tibor qaratdi

Yevropa – Oʻzbekiston iqtisodiy hamkorlik assotsiatsiyasi raisi, tadbirkor Oybek Shayxov 20-fevral kuni Facebook’dagi sahifasida Toshkent xalqaro aeroportida mobil telefonlarni deklaratsiyalash va IMEI roʻyxatidan oʻtkazish jarayonida mavjud bo‘lgan muammolarga e’tibor qaratdi. Bu boʻyicha Bojxona qoʻmitasi matbuot kotibi Husan Tangriyev bayonot berdi.
«Bir soatdan beri navbatda turibmiz – yoʻlovchilar ham, poytaxt mehmonlari ham. Samolyotimiz 4:30 da qoʻndi, hozir soat 6:26. «Yangi Oʻzbekiston»da eski muammolar saqlanib qolmoqda. Agar rahbariyat e’tibor bermasa, ular hech qachon hal boʻlmaydi. Aeroportdan chiqishda shunday holat boʻlsa, koʻpchilikning sa’y-harakatlari zoye ketgani uyatli», – deb yozadi Oybek Shayxov.
Bu holat boʻyicha bojxona qoʻmitasi munosabat bildirdi. Tangriyevga koʻra, navbatlarning oldini olish maqsadida ushbu jarayonga jalb qilingan xodimlarning soni oshirilgan. Qoʻmitaning ma’lumotlar bazasi va UzIMEI tizimi integratsiyasida ham qator texnik choralar amalga oshirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan telefonni bojxona orqali qanday olib kirish va UzIMEI tizimida roʻyxatdan oʻtkazish yoʻriqnomasini taqdim qilgan edi.