Isroildagi bir nechta avtobusda portlash sodir bo‘ldi

Tel-Aviv yaqinida uchta avtobusda portlashlar sodir bo‘ldi. O‘sha paytda avtobuslar bo‘sh bo‘lib, hech kim jabrlanmadi. The Times of Israel portalining xabariga ko‘ra, huquq-tartibot organlari bu yirik teraktga tayyorgarlik bo‘lishi mumkin deb gumon qilmoqda.
Unga ko‘ra, portlashlar avtobus to‘xtash joyi va deposida yuz berdi. Yana ikkita avtobusda joylashtirilgan portlovchi qurilmalar zararsizlantirildi. Isroil politsiyasi avtobuslardan taymerlar topilganini ma’lum qilib, barcha portlashlar juma kuni ertalab bir vaqtning o‘zida sodir bo‘lishi rejalashtirilganini taxmin qilmoqda.
Mamlakat bo‘ylab jamoat transporti haydovchilariga avtobuslarni jo‘nab ketishidan oldin tekshirish buyurilgan. Huquq-tartibot idoralari boshqa avtobuslarda ham portlovchi qurilmalar bo‘lishi mumkinligini istisno etmayapti.
Isroil Mudofaa vazirligi bu portlashlar ortida «falastinlik terroristik guruhlar» turgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyada zavoddagi portlashda 12 kishi halok bo‘lgan edi.