
18 – 19-fevral kunlari Jeneva shahrida Jahon savdo tashkiloti (JST) bosh kengashining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston prezidentining JST masalalari boʻyicha maxsus vakili Azizbek Urunovning LinkedIn sahifasida ma’lum qilishicha, yigʻilishda tashkilot bosh direktori Sharqiy Timor va Komor orollarining JSTga a’zo boʻlganini ma’lum qilgan. Shuningdek, 22 davlat JSTga a’zo bo‘lish jarayonida yetakchilik qilayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, u 2026-yil 26 – 29-mart kunlari Kamerunda oʻtkaziladigan JST sammitigacha Oʻzbekiston, Bosniya va Gersegovina hamda Efiopiyaning tashkilotga qoʻshilish jarayonini tezlashtirishga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidlagan.
Urunovning ma’lum qilishicha, Oʻzbekistonning tashkilotga a’zo boʻlishini 16 ta mamlakat aniq va qat’iy qoʻllab-quvvatlashgan.
«Biz JSTning 16 a’zosi tomonidan yakdil qoʻllab-quvvatlanganimizdan juda mamnun boʻldik, ular JSTning barcha jalb qilingan a’zolarini jarayonni yakunlashga va Oʻzbekistonni MC14 davomida yangi a’zo sifatida kutib olishga chaqirdi», – deb yozgan u.
Eslatib oʻtamiz, Buyuk Britaniya Oʻzbekistonning JSTga a’zo boʻlish jarayonini toʻliq qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.
Avvalroq Azizbek Urunov Oʻzbekiston hozirgi kunga qadar tashkilotga aʼzo boʻlishi boʻyicha 23 mamlakat bilan muzokaralar olib borilganini maʼlum qilgan edi.