Yangiliklar

O‘zbekiston va Malayziya sanoat zonasini yaratish bo‘yicha muzokaralarni boshladi

Loyiha bilan «MMC Corporation» korporatsiyasi shug‘ullanadi
Foto: 716-uo.com

O‘zbekiston va Malayziya sanoat zonasini tashkil etish bo‘yicha muzokaralar boshladi. Bu haqda «Dunyo» AA ma’lum qildi.

O‘zbekiston elchixonasida «MMC Corporation» korporatsiyasining strategiya va investitsiya masalalari bo‘yicha direktori Najib Ramli bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston – Malayziya sanoat zonasini tashkil etish va boshqarish masalalari muhokama qilindi. Malayziya tomoniga sanoat zonasini joylashtirish uchun yer maydoni va infratuzilma holati bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.

«MMC Corporation» vakili ushbu loyihani batafsil o‘rganish maqsadida yaqin kunlarda mutaxassislar guruhi O‘zbekistonga tashrif buyurishini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, 1911-yilda tashkil etilgan «MMC Corporation» portlar va logistika, energetika, qurilish hamda sanoat rivojlanishiga ixtisoslashtirilgan yirik korxonalardan biri hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Koreya O‘zbekistonda sanoat kadrlarini tayyorlashga doir loyihani amalga oshirishi haqida xabar bergan edik.