Qirg‘iziston va Tojikiston davlat chegarasini belgilash bo‘yicha kelishuv imzoladi

Bishkek shahrida Qirg‘iziston va Tojikiston davlat chegarasini belgilash bo‘yicha kelishuv imzoladi, deya ma’lum qilmoqda AKI press.
Unga ko‘ra, shartnoma hukumatlararo kelishuvlarni ham o‘z ichiga oladi. Ular energiya obyektlari, suv resurslari, yo‘l aloqasi va yangi trassalar qurilishi bilan bog‘liq masalalarni qamrab oladi.
Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegara nizolari SSSR parchalanib ketganidan beri davom etib kelmoqda. 984 kilometr uzunlikdagi umumiy chegara chizig‘ining faqat yarmigina rasmiy tasdiqlangan. So‘nggi o‘n yilliklarda ushbu hududda 230 dan ortiq qurolli to‘qnashuvlar sodir bo‘lgan. 2022-yilda mojaroning keskinlashishi natijasida 140 mingga yaqin odam evakuatsiya qilingan.

2024-yilning may oyida ham ikki davlat chegarasida xuddi shunday qurolli hodisalardan biri yuz berdi. Mahalliy vaqt bilan taxminan soat 12:20 da Botken viloyatining Leylek tumaniga qarashli Ak-Bosogo qishlog‘i hududida qirg‘iz chegarachilari davlat chegarasidan 250 – 300 metr uzoqlikda podasini haydab ketayotgan tojikistonlik cho‘ponlarni aniqladi.
Qirg‘iziston chegara xizmatining matbuot markazi bergan ma’lumotga ko‘ra, harbiy xizmatchilar cho‘ponlardan hududni tark etishni talab qilgan, biroq ular bunga bo‘ysunmagan. Shundan so‘ng cho‘ponlar chegarachilarni toshbo‘ron qila boshlagan, ulardan biri esa o‘t ochgan. Ma’lum bo‘lishicha, Tojikiston fuqarolaridan biri oyog‘idan jarohat olgan.
Eslatib o‘tamiz, fevral oyi boshida G‘ishtko‘prik chegara posti 4 oy muddatga yopilgan edi.