Shavkat Mirziyoyev mudofaa sanoati sun’iy intellekt va zamonaviy texnologiyalardan foydalanishi zarurligini ta’kidladi

eʼlon qilindi
Ushbu markazda 80 ga yaqin harbiy va ikki xil maqsadga mo‘ljallangan mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda
Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev 21-fevral kuni Mudofaa sanoati agentligining Innovatsion texnologiyalar markaziga tashrif buyurib, bu yerdagi ishlab chiqarish quvvatlari, ilgʻor ishlanmalar, harbiy va ikki xil maqsadga moʻljallangan mahsulotlar bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.

Mazkur Innovatsion texnologiyalar markazida 80 ga yaqin harbiy va ikki xil maqsadga moʻljallangan mahsulotlar ishlab chiqarilishi bilan birgalikda, robototexnika va uchuvchisiz apparatlar boʻyicha startap loyihalari qoʻllab-quvvatlanmoqda.

Tashrif chogʻida harbiy texnikaning yangi namunalari, mudofaa sohasini yanada rivojlantirish boʻyicha istiqbolli loyiha va rejalar taqdimot qilindi.

Prezident tomonidan ishlab chiqarishni muntazam takomillashtirib, sun’iy intellekt va zamonaviy texnologiyalardan foydalanish zaruriligi ta’kidlangan.

Oʻzbekiston mudofaa sanoati korxonalari xalqaro ixtisoslashtirilgan koʻrgazmalarda faol ishtirok etmoqda. Xususan, joriy yilning 17 – 21-fevral kunlari Abu-Dabi shahrida (BAA) boʻlib oʻtayotgan «IDEX-2025» koʻrgazmasida mamlakatimizda ishlab chiqarilgan 100 dan ortiq harbiy texnika va mahsulotlar namunalari namoyish etilmoqda.

Tashrif yakunida mutasaddilarga soha boʻyicha aniq vazifalar qoʻyilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Abu-Dabida boʻlib oʻtayotgan IDEX-2025 xalqaro mudofaa texnologiyalari koʻrgazmasida Oʻzbekiston Mudofaa sanoati agentligi ham qatnashayotgani haqida yozgan edi.

Shuningdek