
Raqobat qo‘mitasi ommaviy axborot vositalari va internet tarmoqlarida e’lon qilingan reklamalarni tahlil qilib, Umra tadbirini targ‘ib qiluvchi ayrim reklamalarning qonuniy talablarni buzganini aniqladi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Toshkent, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida faoliyat yurituvchi «Ayub Travels Tours», «Bilolbek Travel» va «Vodiy Siddiq Travel» turistik kompaniyalari litsenziya hujjatlari mavjud bo‘lmagan holda xizmatlarini reklama qilgani ma’lum bo‘ldi. Shu sababli, ularga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, moliyaviy jarimalar qo‘llanildi.
Bundan tashqari, Namangan viloyatida yashovchi olti fuqaro ijtimoiy tarmoqlar orqali noqonuniy reklama bergani uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Umra va Haj ziyoratiga boruvchilar uchun meningitga qarshi emlanish talabi saqlanib qolingani haqida yozgan edik.