AQShdan deportatsiya qilingan o‘zbekistonlik migrantlar Kosta-Rikaga vaqtincha joylashtirildi

eʼlon qilindi
Rejaga ko‘ra, mamlakat vaqtincha 200 nafargacha migrantni qabul qiladi
Foto: Reuters.

Kosta-Rika hukumati AQShdan deportatsiya qilingan migrantlarning birinchi guruhini qabul qildi. Reuters xabariga koʻra, ular orasida Oʻzbekiston fuqarolari ham bor.

Mazkur jarayon Vashington va Kosta-Rika oʻrtasidagi bitim asosida amalga oshirilmoqda. Rejaga koʻra, mamlakat vaqtincha 200 nafargacha migrantni qabul qiladi. Ular orasida Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Armaniston, Gruziya, Ozarbayjon va Rossiyadan kelganlar ham mavjud.

Kosta-Rika xavfsizlik vaziri oʻrinbosari Omer Badillaning ma’lumotiga koʻra, migrantlarga bir oy davomida mamlakatda qolish huquqi beriladi. Shu muddat ichida ularning ixtiyoriy ravishda vataniga qaytarilishi masalasi hal qilinadi. Qaytishni rad etganlar boʻyicha esa individual qaror qabul qilinadi.

Bundan tashqari, AQSh hukumati yana 177 nafar venesuelalik migrantni Guantanamodan Gondurasga deportatsiya qilgan. Ular keyinchalik Venesuelaga yuboriladi.

Avvalroq Kursuv Uzbekistan AQSh oʻzbek muhojirlarini Panamaga deportatsiya qilgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek