
Bahodir Qurbonov O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti etib saylandi. Bu haqda assotsiatsiya matbuot xizmati xabar qildi.
Saylov Assotsiatsiya Saylov kodeksi va Ustaviga muvofiq oʻtkazildi. Assotsiatsiya Ustavining 30-moddasi 4-bandiga binoan, Qurbonov nomzodi delegatlar tomonidan ilgari surildi va rasman prezident etib tasdiqlandi.
Eslatib oʻtamiz, avvalgi prezident Abdusalom Azizov yanvar oyida lavozimidan ketgandi. Shu vaqtgacha prezidentlik vazifasini OʻFA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov bajarib kelayotgandi.
Ma’lumot uchun, u 2019-yildan 2025-yil yanvar oyigacha O‘zbekiston mudofaa vaziri sifatida faoliyat yuritgan. Harbiy xizmatni 1987 – 1989-yillarda o‘tab, 1990-yilda IIV Oliy tergov maktabiga, 1992-yilda esa IIV Oliy maktabiga o‘qishga kirgan.
Qurbonov 2002 – 2008-yillarda turli hududiy IIBlarda rahbarlik qilgan. 2013 – 2015-yillarda ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, 2015-yilda Toshkent shahar IIBB boshlig‘i etib tayinlangan. 2017-yilda general-mayor, 2021-yilda esa general-leytenant unvoniga sazovor bo‘lgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan futzal federatsiyasi tashkil etilgani haqida xabar bergan edi.