Oʻzbekiston BMT Xavfsizlik kengashining vaqtinchalik a’zoligiga oʻz nomzodini ilgari surdi

21-fevral kuni Oʻzbekistonning BMTdagi doimiy vakili, elchi Ulugʻbek Lapasov Xitoy raisligida oʻtgan BMT Xavfsizlik kengashining global boshqaruv institutlarini isloh qilish masalalariga bagʻishlangan yigʻilishida nutq soʻzladi.
Yigʻilishda Oʻzbekistonning BMT bilan hamkorlikdagi ustuvor yoʻnalishlari va xalqaro maydondagi rasmiy pozitsiyasi bayon qilindi. Lapasov oʻz nutqida Oʻzbekiston koʻp qirrali va global boshqaruv tizimlarini mustahkamlash tarafdori ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, yigʻilish davomida 2025-yil iyun oyida Samarqandda boʻlib oʻtadigan «Barqaror kelajak uchun davlat xizmatlarini tezlashtirish» mavzuidagi BMT forumi uchun a’zo davlatlarga taklifnoma yuborildi.
Oʻzbekiston, shuningdek, BMT Xavfsizlik kengashining 2035 – 2036-yillar uchun doimiy boʻlmagan a’zoligiga oʻz nomzodini ilgari surdi.
Ma’lumot uchun, BMT Xavfsizlik kengashi 15 a’zodan iborat boʻlib, 5 doimiy a’zo (AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Rossiya va Xitoy) veto huquqiga ega. Qolgan 10 a’zo ikki yillik muddatga saylanib, global mojarolar, sanksiyalar va tinchlikparvar missiyalar boʻyicha qarorlar qabul qiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh BMTdan chiqish haqida oʻylayotgani haqida xabar bergan edi.