
Ijtimoiy tarmoqlarda oilaviy poliklinikalarida ayrim tibbiy xizmatlar pullik boʻlishi haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan Sogʻliqni saqlash vazirligi izoh berdi.
SSV Tibbiy sugʻurta boshqarmasi rahbari Shuhrat Almardonovning ta’kidlashicha, Oʻzbekiston Konstitutsiyasining 48-moddasiga binoan, fuqarolar davlat hisobidan kafolatlangan tibbiy yordam olish huquqiga ega.
Hozirda oila shifokor punktlari va poliklinikalarda 28 ta diagnostik tekshiruv, 22 ta laborator tahlil, 138 turdagi dori vositalari, 57 ta tibbiy buyum va eng koʻp uchraydigan 110 ta tashxis bepul taqdim etiladi.
Yangi qonun loyihasiga koʻra, kafolatlangan tibbiy yordam doirasidan tashqari xizmatlar pullik boʻlishi mumkin. Bemorlar ushbu yordamdan bepul foydalanish uchun oilaviy shifokor yoki tibbiy brigada yoʻllanmasi bilan murojaat qilishi kerak boʻladi.
Yoʻllanmasiz qilingan murojaatlar (tez yordam holatlaridan tashqari) esa pullik xizmatlar sifatida koʻrib chiqiladi. Bu tartib orqali davlat kafolati ostidagi xizmatlardan tashqari qoʻshimcha xizmatlar tartibga solinadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan davlat tibbiy sugʻurtasi doirasida bepul tibbiy xizmatlar soliqlar hisobidan amalga oshirilishi haqida xabar bergan edi.