Yangiliklar

Tolibon O‘zbekistondan pul o‘tkazmalari masalasida yordam so‘ramoqda

Uchrashuv Toshkent shahrida bo‘lib o‘tdi
Foto: Afg‘oniston Markaziy banki

Tolibon hukumati tarkibidagi Markaziy bank rahbari Nur Ahmad Agha O‘zbekistonni Afg‘onistonga pul o‘tkazmalarini amalga oshirishda ko‘maklashishga chaqirdi. Bu haqda Tolibon Markaziy banki matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, mazkur masala borasida u O‘zbekiston Markaziy banki raisi Timur Ishmetov bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.

Ikki davlat Markaziy bank rahbarlari to‘lov tizimlarini integratsiya qilish va savdodagi o‘zaro hisob-kitoblarda milliy valyutalardan foydalanish masalalarini ham muhokama qildilar.

«Janob Timur Ishmetov ham o‘z tomoni bilan to‘liq hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi. U bank sektorining ikki davlat o‘rtasidagi savdoni rivojlantirishdagi o‘rnini yuqori baholab, bu yo‘nalishdagi o‘zaro hamkorlik muhimligini ta’kidladi», – deyiladi Afg‘oniston Markaziy banki rasmiy bayonotida.

Mazkur uchrashuv Tolibon delegatsiyasining Toshkentga tashrifi doirasida bo‘lib o‘tdi. Delegatsiyaga Tolibon hukumati bosh vaziri o‘rinbosari Abdul G‘ani Barodar rahbarlik qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Abdulla Aripov va Afg‘oniston bosh vaziri uchrashgani haqida yozgan edik.