
«Yangi O‘zbekiston» massivlarida ko‘p kvartirali uy-joylar qurilishi bilan bog‘liq yangi tartiblar joriy etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, endilikda bunday uylarni qurish va sotish bilan faqat QQS to‘lovchi yuridik shaxslar shug‘ullanishi mumkin. Auksion orqali yer uchastkasini ijaraga olgan yuridik shaxslar 12 oy davomida yer solig‘ini to‘lashdan ozod qilinadi.
Qurilish loyihalarini tayyorlash va bajarish muddati aniq belgilab qo‘yiladi, ya’ni loyihani ishlab chiqish – 15 kun, loyiha ishlarini bajarish – 2 oy, qurilishni boshlash – 3 oy. 2025-yil 1-martdan boshlab qurilish tashkilotlariga aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun 24 oy muddatga imtiyozli kreditlar ajratiladi.
Ushbu kreditlar Markaziy bankning asosiy stavkasidan ko‘pi bilan 2 foiz yuqori stavkada taqdim etiladi. Bu chora-tadbirlar yirik uy-joy loyihalarini jadallashtirish va qurilish sektorini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 500 ta mahallada innovatsion tomorqa loyihalariga 100 baravar BHMgacha grantlar ajratilishi haqida yozgan edik.