Yangiliklar

Ipoteka subsidiyalariga ariza berish 3-martdan boshlanadi

Soat 09:00 dan
Ipoteka subsidiyalariga ariza berish qachon boshlanadi
Ipoteka subsidiyalariga ariza berish 3-martdan boshlanadi Foto: ashumskiy / www.depositphotos.com

2025-yilda ipoteka kreditlari uchun subsidiya dasturi doirasida 30 ming nafar talabgorga ipoteka subsidiyalari ajratiladi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, subsidiyalarga arizalar 2025-yil 3-mart kuni soat 09:00 dan boshlab qabul qilinadi. Fuqarolar Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilishlari yoki my.gov.uz portali orqali ariza topshirishlari mumkin.

Subsidiyadan foydalanish uchun ariza beruvchi va uning yaqin qarindoshlarining o‘rtacha daromadi belgilangan miqdorda bo‘lishi hamda ularning nomida uy-joy mulki mavjud bo‘lmasligi talab etiladi.

Ma’lumot uchun, oʻrtacha daromad miqdori Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 2,7 baravaridan (3,12 mln so‘m) 8 baravarigacha (9,24 mln so‘m) etib belgilangan. Toshkent shahrida esa bu 2,7 baravaridan (3,118 mln so‘m) 9,2 baravarigacha (10,62 mln soʻm) boʻlishi zarur.

Ushbu dastur orqali davlat uy-joy ipoteka to‘lovlarining bir qismini qoplab beradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025-yilgi uy-joy subsidiyalari 1,5 baravarga oshirilishi haqida yozgan edik.