
Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ilhomjon Umrzakov Polsha taraqqiyot va texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Mixal Yaros boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan muzokaralar olib bordi. Bu haqda vazirlik rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, savdo hamkorligini kengaytirish va investitsiyalar jalb etish masalalari muhokama qilindi. Xususan, xususiylashtirish, bank sektori, farmatsevtika, geologiya va energiya samaradorligi sohalarida hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.
Polsha tomoni O‘zbekiston bilan tajriba almashishga va qo‘shma korxonalar tashkil etishga tayyor ekanini bildirar ekan, ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish va sarmoya kiritishga katta qiziqish bildirdi.
Uchrashuv natijasida ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash va yangi hamkorlik loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Xorvatiya mehnat migratsiyasida hamkorlik qilishi haqida yozgan edik.