Shimoliy Koreyada ilmiy tadqiqotlarda ChatGPTʼdan foydalanilayotgani ma’lum boʻldi

Shimoliy Koreya oliy ta’lim sohasidagi sun’iy intellekt boʻyicha tadqiqotlarida OpenAI kompaniyasi tomonidan yaratilgan ChatGPT chat-botidan foydalanmoqda. Bu haqda The Korea Times nashri ma’lum qildi.
Voice of Korea nashrining xabar berishicha, Kim Ir Sen universiteti huzuridagi sun’iy intellekt ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari ChatGPT va uning funksional imkoniyatlarini oʻrganish bilan shugʻullanmoqda.
Institutda foydalanilayotgan oʻquv materiallari modelning foydalanuvchi kiritgan ma’lumotlar asosida matnlarni qanday yaratishini tushuntirishga qaratilgan. Biroq Shimoliy Koreyada internetga qoʻyilgan qattiq cheklovlar hisobga olinganda, tadqiqotchilar servisdan qanday usulda foydalanayotgani noma’lumligicha qolmoqda.
Kim Ir Sen universiteti tadqiqotchisi Xan Chxol-Chjinning aytishicha, institut zamonaviy texnologiyalarni oʻrganish va ularni ichki ehtiyojlar uchun moslashtirishga ixtisoslashtirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ilon Mask Grok 3ʼning ChatGPTʼdan farq qiladigan asosiy xususiyatini aytgani haqida xabar bergan edi.