Tashqi savdo operatsiyalarini monitoring qilish tartibiga oʻzgartirishlar kiritildi

eʼlon qilindi
Avvalgi tahrirda mavjud boʻlgan 26 ta atama endilikda 15 taga qisqartirildi
Foto: ake1150sb / depositphotos.com

Tashqi savdo operatsiyalarini monitoring qilish va nazorat qilish tartib-qoidalariga oʻzgartirishlar kiritildi.

Ma’lum qilinishicha, avvalgi tahrirda mavjud boʻlgan 26 ta atama endilikda 15 taga qisqartirildi. Shu bilan birga, hujjatda bir nechta yangi tushunchalar ham kiritildi:

  • Moliya agenti — moliyalashtirish boʻyicha shartnomalar tuzish huquqiga (litsenziyaga) ega boʻlgan banklar va boshqa kredit yoki tijorat tashkilotlari;
  • Faktoring — xoʻjalik yurituvchi subyektlarning qarzdorlik boʻyicha majburiyatlarini sotib olish yoki qayta sotish jarayoni.

Shuningdek, tashqi savdo shartnomasi doirasida bajarilgan ishlar yoki koʻrsatilgan xizmatlar Tashqi savdo operatsiyalarini yagona elektron axborot tizimiga (TSOYaEAT) tegishli dalolatnomalar nusxasi yuklangandan soʻng bajarilgan deb hisoblanadi.

Moliya agentining rezident yoki norezident boʻlishiga qarab, aktivlarni repatriatsiya qilish boʻyicha majburiyatlar ham oʻzgaradi:

  • Rezident agentlar uchun majburiyatlar toʻgʻridan toʻgʻri moliya agentining oʻziga yuklanadi;
  • Norezident agentlar uchun esa majburiyat eksport qiluvchining zimmasida qoladi.

Bundan tashqari, moliya agentlari tomonidan xizmat koʻrsatish uchun ushlab qolinadigan pul talabnomasining 10 foizidan ortiq boʻlmagan mukofot puli (diskont) debitorlik qarzi sifatida hisobga olinmaydi. Bu holda eksport kontraktlaridan tushadigan valyuta miqdori shu mukofot summasiga mos ravishda kamaytiriladi va yetkazib beruvchining balansida xarajat sifatida koʻrsatiladi.

Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistonning tashqi savdo aylanmasi 7,1 foizga oshgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek