USAID butun dunyo boʻylab xodimlarini ommaviy qisqartirishni boshladi

AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) xodimlarini ommaviy ravishda qisqartirishni boshladi. Bu haqda tashkilot rasmiy saytida e’lon qilindi.
Ma’lum qilinishicha, muhim funksiyalar, rahbariyat yoki maxsus dasturlarga jalb qilinmagan barcha xodimlar butun dunyo boʻylab ma’muriy ta’tilga chiqariladi.
Qisqartirish AQSh hududida ishlaydigan 1,6 mingga yaqin xodimlarga ta’sir qiladi. Ishdan boʻshatilgan xodimlar oʻz huquqlari va imtiyozlari toʻgʻrisida koʻrsatmalar va ma’lumotlar oladi.
Xorijdagi ishchilar uchun agentlik hisobidan ixtiyoriy ravishda vatanga qaytish dasturi va boshqa imtiyozlar koʻzda tutilgan. Ular qaytgunga qadar agentlik tizimlari va diplomatik resurslardan foydalanishlari mumkin boʻladi.
Kelasi haftada agentlik shaxsiy buyumlarni ish joyidan qaytarish va AQSh hukumati tomonidan berilgan uskunalarni topshirish tartibini taqdim etadi.
Eslatib oʻtamiz, 2025-yil fevral oyida Donald Trampning boshqa davlatlarga yordam dasturlarini 90 kunga toʻxtatish toʻgʻrisidagi farmoni tufayli USAIDʼning Vashingtondagi shtab-kvartirasi yopilgan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Sud Trampning USAID xodimlarini ma’muriy ta’tilga chiqarish rejasini toʻxtatgani haqida xabar bergan edi.