Apple AQShdagi innovatsiya va ishlab chiqarishga $500 mlrd.lik yirik sarmoya kiritadi
eʼlon qilindi
To‘rt yil ichida

Apple korporatsiyasi oʻz tarixidagi eng yirik investitsiya dasturini e’lon qildi. Fox Businessʼning yozishicha, kompaniya yaqin toʻrt yil ichida AQSh iqtisodiyotiga $500 milliard sarmoya kiritadi.
Mazkur investitsiyalar ishlab chiqarish, sun’iy intellekt (SI) va ilgʻor texnologiyalarni rivojlantirishga yoʻnaltiriladi. Appleʼning ma’lumotiga koʻra, dastur doirasida quyidagi yirik loyihalar amalga oshiriladi:
- Hyuston yaqinida sun’iy intellektga ixtisoslashgan serverlar ishlab chiqarish zavodi quriladi;
- Ilgʻor ishlab chiqarish fondiga ajratiladigan mablagʻlar $5 milliarddan $10 milliardgacha oshiriladi;
- Detroyt shahrida Apple ishlab chiqarish akademiyasi tashkil etiladi;
- Tadqiqot va ixtirolar, chiplar, sun’iy intellekt va dasturiy ta’minot sohalari uchun 20 ming nafar yangi mutaxassis ishga qabul qilinadi.
Apple bosh direktori Tim Kuk ushbu investitsiya AQShning innovatsion salohiyatini qoʻllab-quvvatlash va uning texnologiya sohasidagi yetakchiligini mustahkamlashga qaratilganini ta’kidladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Apple sun’iy intellektga ega boʻlgan smartfon iPhone 16eʼni taqdim etgani haqida xabar bergan edi.