Yangiliklar

Apple AQShdagi innovatsiya va ishlab chiqarishga $500 mlrdlik yirik sarmoya kiritadi

To‘rt yil ichida
Apple logosi
Foto: bloodua / www.depositphotos.com

Apple korporatsiyasi oʻz tarixidagi eng yirik investitsiya dasturini e’lon qildi. Fox Businessʼning yozishicha, kompaniya yaqin toʻrt yil ichida AQSh iqtisodiyotiga $500 milliard sarmoya kiritadi.

Mazkur investitsiyalar ishlab chiqarish, sun’iy intellekt (SI) va ilgʻor texnologiyalarni rivojlantirishga yoʻnaltiriladi. Appleʼning ma’lumotiga koʻra, dastur doirasida quyidagi yirik loyihalar amalga oshiriladi:

  • Hyuston yaqinida sun’iy intellektga ixtisoslashgan serverlar ishlab chiqarish zavodi quriladi;
  • Ilgʻor ishlab chiqarish fondiga ajratiladigan mablagʻlar $5 milliarddan $10 milliardgacha oshiriladi;
  • Detroyt shahrida Apple ishlab chiqarish akademiyasi tashkil etiladi;
  • Tadqiqot va ixtirolar, chiplar, sun’iy intellekt va dasturiy ta’minot sohalari uchun 20 ming nafar yangi mutaxassis ishga qabul qilinadi.

Apple bosh direktori Tim Kuk ushbu investitsiya AQShning innovatsion salohiyatini qoʻllab-quvvatlash va uning texnologiya sohasidagi yetakchiligini mustahkamlashga qaratilganini ta’kidladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Apple sun’iy intellektga ega boʻlgan smartfon iPhone 16eʼni taqdim etgani haqida xabar bergan edi.