Davlat xaridlarini korporativ bank kartalari orqali amalga oshirish tartibi belgilandi

Hukumat qarori bilan «Davlat xaridlarini korporativ bank kartalari orqali amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida»gi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Nizomga koʻra, davlat buyurtmachilari milliy valyutada naqd pulsiz shaklda xaridlarni korporativ bank kartalari orqali amalga oshiradi. Xarid kartasini ochish uchun belgilangan tartibda emitent bankka murojaat qilinadi va har bir shaxsiy gʻazna hisobvaragʻi uchun alohida tranzit hisob ochiladi.
Karta orqali ish haqi, pensiya, nafaqa, stipendiya yoki dividend toʻlash, naqd pul olish va xorijiy valyuta sotib olish taqiqlanadi. Shuningdek, boshlangʻich narxni tushirish uchun oʻtkaziladigan auksionlarda xarid kartasidan foydalanish mumkin emas.
Xarid kartasi bilan ishlash vakolatiga ega xodimlar roʻyxati davlat buyurtmachisi rahbarining buyrugʻi asosida belgilanadi va ular mazkur tashkilot xodimlari boʻlishi shart.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan limitdan tashqari ochilgan plastik kartalarning taqdiri nima boʻlishi haqida xabar bergan edi.