
«Milliy tiklanish» DP partiyasi raisi Alisher Qodirov ota-onalar farzandlarini rus maktablariga yuborish orqali bolalar huquqlarini buzayotganini ta’kidladi. Shu munosabat bilan u bolalar ombudsmaniga murojaat qilib, bu masalani ko‘rib chiqishni so‘radi.
«Xalqimiz bolani yaxshi ko‘radi, farzandi uchun hamma narsaga tayyor, lekin eng ko‘p bola huquqlari poymol bo‘lmoqda. Bola huquqlariga rioya qilishning mamlakat kelajagi uchun hayotiy ahamiyatini juda sekin anglab yetyapmiz. Masalan, bolani bog‘cha va maktabning ilk davrida tarbiya va ta’limni begona tilda boshlashi ota-ona tanlovi va kelajakda bola uchun bir qator muammolar yaratmoqda. Bu bola huquqini buzilishimi yo‘qmi?» – dedi Qodirov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Alisher Qodirov Rossiya mehnat bozorini o‘zbekistonliklar uchun befoyda va xavfli deb atagan edi.