O‘zbekiston $1,5 mlrdlik xalqaro obligatsiyalarini muvaffaqiyatli joylashtirdi

Oʻzbekiston jahon moliya bozorlarida qiymati $1,5 milliardga teng boʻlgan yangi suveren xalqaro obligatsiyalarini joylashtirdi. London shahrida 18–20-fevral kunlari AQSh dollari, yevro va soʻmda chiqarilgan obligatsiyalar uchun buyurtmalar qabul qilindi, deya xabar bermoqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi.
Maʼlum qilinishicha, umumiy buyurtmalar hajmi $4,2 milliardni tashkil etdi. Ular quyidagicha taqsimlandi:
- AQSh dollari (7 yilga) – $500 mln, yillik 6,95% stavkada;
- Yevro (4 yilga) – €500 mln ($525 mln), yillik 5,1% stavkada;
- Soʻm (3 yilga) – 6 trln soʻm ($463 mln), yillik 15,5% stavkada.
Obligatsiyalardan tushgan mablagʻlar 2025-yilgi davlat budjeti taqchilligini qoplash, ipoteka dasturini moliyalashtirish va ijtimoiy obyektlarni qurish uchun yoʻnaltiriladi.
Yashil obligatsiyalar dasturi doirasida chiqarilgan yevro obligatsiyalari ekologik loyihalar, suv tejovchi texnologiyalar va sanitariya ishlarini moliyalashtirishga qaratiladi. Mablagʻlarning sarflanishi xalqaro standartlarga muvofiq oshkor etiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan NKMK yana $500 millionlik yevroobligatsiyalarni joylashtirishi haqida xabar bergan edi.