Yangiliklar

O‘zbekiston bojxona ko‘rsatkichi bo‘yicha 140-o‘rindan 74-o‘ringa ko‘tarildi

Xalqaro logistika reytingida
Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev bojxona tizimini takomillashtirish va raqamlashtirishga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

So‘nggi yillarda bojxona jarayonlari soddalashtirilib, eksport bosqichlari 9 tadan 3 tagacha kamaydi. Yuklarni rasmiylashtirish vaqti importda 3 soat, eksportda esa atigi 20 daqiqagacha qisqardi. Natijada chegara orqali yuk tashish hajmi 8 barobarga oshib, Davlat budjetiga tushum 9 barobar o‘sdi.

Shuningdek, xalqaro logistika reytingida O‘zbekistonning bojxona ko‘rsatkichi 140-o‘rindan 74-o‘ringa ko‘tarildi. Bu esa mamlakat savdo aloqalarining yanada rivojlanishiga zamin yaratmoqda.

Biroq hali bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘p. Jumladan, bojxona postlarining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish, sun’iy intellekt yordamida xavf tizimini takomillashtirish va bojxona instituti salohiyatini oshirish kabi masalalar muhokama qilindi.

Shu bilan birga, avtobus yo‘lovchilari uchun oldindan ma’lumot olish tizimi joriy etilishi natijasida chegara nazorati tezlashishi kutilmoqda. Prezident bu islohotlarni davom ettirish zarurligini ta’kidlab, tadbirkorlar va yo‘lovchilar uchun qulayliklar yaratish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Fast-track» xizmatidan foydalanuvchilar bojxona nazoratidan navbatsiz o‘tishi haqida yozgan edik.