
Futbol boʻyicha Italiya A seriyasining 26-turida «Roma» oʻz maydonida chempionat autsayderi «Monsa»ni qabul qilib, 4:0 hisobida gʻalaba qozondi.
Oʻzbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov bu uchrashuvda asosiy tarkibda maydonga tushdi. U 70 daqiqa davomida maydonda faol harakat qilib, bitta gol urdi va bitta golga assistentlik qildi.
Bahsning 10-daqiqasida Shomurodovning pasidan soʻng Salemakers hisobni ochgan bo‘lsa, 32-daqiqaga kelib Eldorning oʻzi bosh bilan darvozani ishgʻol qilib, hisobni 2:0 ga yetkazdi. Ikkinchi boʻlimda Anxelino va Kristante ham oʻz imkoniyatlaridan unumli foydalandi va yakunda «Roma» 4:0 hisobida zafar quchdi.
Bu gʻalabadan keyin Rim klubi ochkolarini 40 taga yetkazib, turnir jadvalida 9-oʻringa koʻtarildi. «Monsa» esa 14 ochko bilan 20-pogʻonada qolmoqda.
Uchrashuvda bitta gol va bitta assistni qayd etgan Shomurodov Sofascore portali tomonidan 8,1 ballga baholanib, jamoasining eng yaxshilaridan biri boʻldi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Manchester Siti» oʻz maydonida «Liverpul»ga imkoniyatni boy bergani haqida xabar bergan edi.