AQShdan Kosta-Rikaga deportatsiya xavfi ostidagi o‘zbekistonliklar vatanga qaytarildi

AQShdan Kosta-Rikaga deportatsiya qilinish xavfi ostida bo‘lgan yetti nafar fuqarolarimiz vatanga qaytdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi xabar berdi.
Unga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar rasmiylari bilan olib borilgan muzokaralar natijasida fuqarolarni Nyu-Yorkdan to‘g‘ridan to‘g‘ri O‘zbekistonga yetkazish yo‘lga qo‘yildi.
TIVning ma’lum qilishicha, AQSh idoralari bundan buyon O‘zbekiston fuqarolarining deportatsiya qilinishi haqida tezkor ravishda xabar berib boradi. Bu esa vatandoshlarning uzoq vaqt vaqtinchalik saqlash markazlarida qolib ketmasdan, tezroq uyga qaytishiga yordam beradi.
O‘tgan hafta AQShdan Kosta-Rikaga 200 ga yaqin noqonuniy muhojir yuborilishi e’lon qilindi. Rasmiylarning aytishicha, ular orasida O‘zbekiston va Qozog‘iston fuqarolari ham bor.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Vashington Toshkentga oʻzbekistonliklar deportatsiya qilinganini ma’lum qilgan edi.