Bitkoin narxi $90 mingdan pastga tushdi

Bitkoin $90 mingdan pastga tushdi. Bloomberg xabariga ko‘ra, uning narxi AQSh prezidenti Donald Trampning import bojlarini joriy etishi va xakerlarning Bybit kripto birjasiga hujumi fonida pasaymoqda.
Toshkent vaqti bilan soat 17:14 holatiga ko‘ra, bitkoin narxi $88,3 mingni tashkil etmoqda.
LIBRA memkoini bilan bog‘liq vaziyat ham bitkoinning qiymatiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Uning ishga tushirilgani haqidagi xabarni Argentina prezidenti Xaver Miley X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qildi. LIBRA’ning kapitallashuvi $4,5 milliardgacha ko‘tarildi, ammo keyin keskin tushib ketdi.
Keyinchalik Argentina yetakchisi memkoin haqidagi postni o‘chirib tashladi va ishga tushirilayotgan memkoin to‘g‘risida ma’lumotga ega emasligini qo‘shimcha qildi.
Independent Reserve kriptobirjasining bosh direktori Adrian Pshelozniy bitkoin qiymatining pasayishini moliya bozorlaridagi umumiy makroiqtisodiy noaniqlik bilan bog‘liq ekanini ta’kidladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Donald Tramp tomonidan AQShning Xitoy, Kanada va Meksikaga import tariflari joriy qilinishi haqidagi bayonotidan soʻng kripto bozorida katta pasayish kuzatilgani haqida yozgan edi.