Yangiliklar

Endi mol-mulk shaklidagi xayriyalar dalolatnoma asosida amalga oshiriladi

Naqd pul xayriyalari esa faqat xayriya qutilari yoki bank hisobvaraqlari orqali qilinadi
Foto: Pexels.com

2025-yil 25-fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida homiylik faoliyatini tartibga solishga oid qonun loyihasi muhokama qilindi. Bu haqda palata matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, ushbu hujjat homiylik xayriyalarini yig‘ish tartibini aniqlashtirish, shaffoflikni ta’minlash va noqonuniy yig‘imlarning oldini olishga qaratilgan.

Loyihaga ko‘ra, naqd pul xayriyalari faqat xayriya qutilari yoki bank hisobvaraqlari orqali amalga oshirilishi belgilandi. Mol-mulk shaklida yig‘ilgan xayriyalar ro‘yxatga olinib, dalolatnoma asosida rasmiylashtiriladi.

Shuningdek, homiylik xayriyalarini yig‘ish jarayoni ommaviy axborot vositalari va soliq hisobotlarida aks ettirilishi shart qilib qo‘yilmoqda. Jismoniy shaxslar faqat o‘zlari yoki yaqin qarindoshlari uchun xayriya to‘plashlari mumkin bo‘ladi.

Qonun loyihasi homiylik faoliyatini yanada tartibga solish va fuqarolar ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Umumjahon pochta ittifoqi bayonnomalarini ratifikatsiya qilayotgani haqida yozgan edik.