
Xitoyning Li Auto kompaniyasi o‘zining birinchi sof elektr krossoveri – Li i8 modelining rasmiy suratlarini taqdim etdi. Ilgari faqat gibrid avtomobillari bilan tanilgan kompaniya endi elektr transport vositalari bozorida ham o‘z o‘rnini mustahkamlashga harakat qilmoqda. Bu haqda autoreview nashri ma’lum qildi.
Li Auto so‘nggi yillarda sezilarli yutuqlarga erishib, 2023-yilda 500 mingdan ortiq avtomobillar sotdi. Biroq sof elektr modellariga o‘tish jarayoni unchalik tez bo‘lmadi. O‘tgan yili kompaniya o‘zining birinchi to‘liq elektr miniveni – Li Mega’ni taqdim etgan edi, ammo bu model krossoverlar kabi katta talabga ega bo‘lmadi. Shu bois Li i8 krossoverining dizayni qayta ko‘rib chiqildi va hozir u rasmiy suratlarda ilk bor namoyon bo‘ldi.

Li i8 dizayni kompaniyaning flagman modeli Li L9 krossoveri hamda Li Mega miniveni bilan uyg‘unlikda yaratilgan. Shu bilan birga, orqa tomonida zamonaviy gorizontal chiroqlar joylashtirilgan.

Hozircha Li i8 modelining texnik tafsilotlari oshkor qilinmagan, ammo kompaniyaning ilgari taqdim etgan Mega minivenidan kelib chiqib, u 800 voltli elektr tizimi, yuqori samarali elektr motorlar va 550 kVtgacha bo‘lgan ultra tezkor zaryadlash imkoniyatiga ega CATL Qilin batareyalarini olishi kutilmoqda.

Li Auto ushbu modelni juda muhim loyiha sifatida ko‘rib chiqmoqda va shu sababdan premyerani bir necha bor kechiktirdi. Yil oxiriga qadar Li i8 krossoveri rasmiy taqdim etilishi, shuningdek, kelajakda turli o‘lchamdagi i6, i7 va i9 modellarining ham chiqarilishi rejalashtirilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chery Exeed VX C-DM gibrid Xitoyda sotuvga chiqarilgani haqida xabar bergan edi.