Markaziy Osiyo davlatlari 2031-yilgi Osiyo kubogiga mezbonlik qilishga tayyormi

eʼlon qilindi
Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov fikr bildirdi
Foto: O‘FA

Osiyo kubogini birgalikda o‘tkazish uchun ariza yuborgan O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston imkoniyatlari haqida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov fikr bildirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Osiyo kubogi qit’aning eng nufuzli turniri hisoblanadi va mezbonlik uchun ko‘plab davlatlar da’vogarlik qilmoqda. Hozirda Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) arizalarni qabul qilish bosqichida. Keyingi bosqichda esa talabgor mamlakatlar tekshiriladi va rasmiy ravishda e’lon qilinadi.

Markaziy Osiyo hali bu turnirga mezbonlik qilmagan, shu bois OFK mintaqaga Osiyo kubogini topshirishi ehtimoldan xoli emas. Shu bilan birga, mezbonlik huquqini qo‘lga kiritish uchun mezbon davlatlar xalqaro standartlarga javob beradigan infratuzilmaga ega bo‘lishi kerak.

«O‘zbekiston oxirgi yillarda «U-20» va «U-23″ Osiyo chempionatlarini muvaffaqiyatli o‘tkazgani sababli OFK ishonchini qozongan. Mehmonxonalar, transport, logistika va boshqa tashkiliy jihatlar talab darajasiga yetkazilgan. Biroq asosiy o‘yinlarni o‘tkazish uchun 40 – 50 ming muxlis sig‘dira oladigan stadionlar kerak bo‘ladi», – deydi u.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda hozirda 51 ming kishilik stadion qurilmoqda. Agar turnir mezbonlik huquqi topshirilsa, tarixdagi eng yorqin futbol musobaqalaridan biri o‘tkazilishi mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tojikiston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston Osiyo kubogi mezbonligiga da’vogarlik qilayotgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek