
Shavkat Mirziyoyev Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif bilan ikki davlat o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini kengaytirish bo‘yicha muzokara o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ikkala tomon so‘nggi yillarda amalga oshirilgan ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini qayd etib o‘tishdi. Jumladan, 2024-yilda tovar ayriboshlash hajmi $400 mlndan oshdi. 130 ga yaqin qo‘shma korxonalar tashkil etilib, Karachi va Toshkentda savdo uylari yo‘lga qo‘yildi. Poytaxtdan Lahor shahriga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar qayta yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, ikki davlat o‘rtasida tovar ayriboshlash hajmini $2 mlrdga yetkazish bo‘yicha choralar ko‘rilishi kerakligi ta’kidlandi.
Transport sohasida so‘nggi yillarda «O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston» multimodal yo‘lagidan yuk tashish hajmi 5 barobarga oshgan. Bu ko‘rsatkichni yanada oshirish maqsadida qo‘shma transport-logistika kompaniyasi tashkil etiladi.
Muzokara yakunida kelishuvlar va bitimlarni vaqtida amalga oshirish maqsadida qo‘shma «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish hamda tasdiqlash bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Ikki davlat o‘rtasidagi navbatdagi yig‘ilish shu yilning iyul oyida Lahor shahrida o‘tkaziladigan bo‘ldi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Pokiston bosh vaziri tantanali kutib olingani haqida yozgan edi.