
Shavkat Mirziyoyev Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan telefon orqali muloqot qilib, uni tavallud kuni bilan samimiy tabrikladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, suhbat davomida Mirziyoyev Erdog‘anga sog‘liq, farovonlik va Turkiyaning taraqqiyoti yo‘lidagi faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.
Shuningdek, zamonaviy Turkiyaning rivojlanishi va O‘zbekiston – Turkiya strategik sherikligi mustahkamlanishidagi Erdog‘anning shaxsiy hissasi e’tirof etildi.
Yetakchilar iqtisod, investitsiya, energetika, ta’lim va sog‘liqni saqlash kabi sohalarda hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.
Shu bilan birga, Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishi va Turkiya davlatlar tashkiloti sammitiga tayyorgarlik masalalariga e’tibor qaratildi.
Suhbat yakunida prezidentlar Ramazon oyining kirib kelishi munosabati bilan bir-birini tabriklab, ikki xalqqa tinchlik va farovonlik tiladilar.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin muloqot qilgani haqida yozgan edik.