Yangiliklar

Ukraina va AQSh resurslar bo‘yicha bitim shartlarini kelishib oldi – Financial Times

AQSh bu shartnomadagi ba’zi qat’iy talablardan voz kechdi
Foto: BBC News

Ukraina va AQSh foydali qazilmalarga doir shartnomani muhokama qilishdi. AQSh bu shartnomadagi ba’zi qat’iy talablardan voz kechdi, deb xabar bermoqda Financial Times.

AQSh dastlab $500 mlrdlik potensial daromadni o‘zlashtirish huquqini talab qilgandi. Ammo keyinchalik bu talabdan voz kechdi. Ukrainalik rasmiylar shartnoma Ukrainaning foydali qazilmalari, jumladan, neft va gazni qo‘shma shaklda ishlab chiqarish bo‘yicha kelishilganini va bu kelishuv AQSh bilan uzoq muddatli xavfsizlik majburiyatlari uchun poydevor bo‘lishini ta’kidladi.

Shartnomaga ko‘ra, Ukraina davlatining foydali qazilmalari, jumladan, neft va gazdan olingan daromadlarning 50 foizi jamg‘armaga yuboriladi, jamg‘arma esa Ukraina ichidagi loyihalarga sarmoya qiladi. Biroq dastlabki shartlar bo‘yicha kelishmovchiliklar yuzaga kelgan bo‘lib, AQShning xavfsizlik kafolatlari va jamg‘armadagi ulushi kabi masalalar keyingi muzokaralar davomida hal qilinishi rejalashtirilgan.

Ukrainalik rasmiylarga ko‘ra, shartnoma faqat umumiy kelishuv bo‘lib, daromadlar jamg‘arma tashkil etilgandan keyingina taqsimlanadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan BMT Bosh Assambleyasi Ukrainadagi harbiy mojaroga oid ikki rezolyutsiyani qabul qilgani haqida xabar bergandi.