Yangiliklar

2024-yilda sug‘urta mukofotlari hajmi 9,77 trillion so‘mga yetdi

Iste’molchilarga 34,6 milliard so‘m qaytarildi
Foto: thodonal / www.depositphotos.com

2024-yilda sug‘urta tashkilotlari 9,77 trillion so‘mlik sug‘urta mukofotlarini jalb etdi. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA)da yil yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, 2024-yilda sug‘urta sohasidagi tartib-qoidalarni buzgan kompaniyalarga nisbatan choralar kuchaytirildi. Natijada 12 ta tashkilot moliyaviy sanksiyaga tortilib, 826 million so‘m jarima to‘lagan. Shuningdek, o‘tgan yilga nisbatan sug‘urtalanuvchilardan tushgan to‘lovlar hajmi 1,72 trillion so‘mga yoki 21,4 foizga oshdi. So‘nggi to‘rt yilda esa sug‘urta mukofotlari 4,4 baravar ko‘paydi.

Sug‘urta xizmatlariga talabning ortib borayotganini inobatga olgan holda, ILMA 4,6 mingdan ortiq murojaatlarni qabul qildi, shundan 2,1 mingtasi pul to‘lovlariga tegishli bo‘lib, natijada iste’molchilarga 34,6 milliard so‘m qaytarildi.

Shu bilan birga, 2024-yil davomida sug‘urta shartnomalari va polislarini rasmiylashtirish to‘liq raqamlashtirildi. Sentabr oyidan boshlab ILMA yagona axborot tizimi orqali polislarni taqdim etish tartibi joriy qilindi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan ILMA 27 ta kompaniyani jarimaga tortgani haqida xabar bergan edi.