
Rossiya benzin eksportiga cheklovlarni 2025-yil avgust oyi oxirigacha uzaytirdi. Bu qonun Rossiya hududidan benzin olib chiqishni taqiqlaydi, gumanitar, harbiy yuklar va boshqa holatlar bundan mustasno.
Biroq cheklovlar benzin ishlab chiqaruvchilarga tatbiq qilinmaydi. Neftni qayta ishlash zavodlari tashqi bozorlarga yoqilgʻi yetkazib berishda davom etadi.
Hukumat taqiqning uzaytirilishini ichki yoqilgʻi narxini barqarorlashtirish, neftni qayta ishlash va zavodlarini qoʻllab-quvvatlash istagi bilan izohladi.
Rossiya Federatsiyasidan benzin eksportiga cheklov 2024-yilning mart oyida ichki bozorda yoqilgʻi narxining tez oʻsishi fonida joriy qilingan edi. Cheklovlar may oyida toʻxtatilgan, ammo sentabr oyida taqiq yana uzaytirilgan. Uning muddati 2025-yil 28-fevralda tugashi kerak edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri 2025-yil yanvarida Oʻzbekistonda benzin ishlab chiqarish 20,5 foizga kamaygani haqida yozgan edi.