
O‘zbekistonda, Armanistonda, Qozog‘istonda va Qirg‘izistonda yangi elektron karta – «Vatan» (Родина) ishga tushirildi. Bu haqda «Russkaya gazeta» nashri ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, mazkur raqamli xizmat Rossiyaga ko‘chib o‘tmoqchi bo‘lgan xorijliklar uchun hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonini soddalashtiradi.
Loyiha Rossotrudnichestvo va «Uyga yo‘l» (Путь домой) ko‘ngillilar tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan. Hozircha xizmat faqat ushbu davlatlarda mavjud bo‘lib, sinov bosqichidadir. 2025-yil oxiriga qadar uni 12 ta mamlakatda ishga tushirish rejalashtirilgan.
Elektron karta xorijiy fuqarolarga migratsiya ro‘yxatidan onlayn o‘tish imkonini beradi, ro‘yxatdan o‘tish haqidagi bildirishnomalar esa Rossiya Ichki ishlar vazirligiga elektron shaklda yuboriladi.
Tahliliy markaz direktori Iliya Dimitrovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu kartani muhojirlarning SIM-kartalariga bog‘lash imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda. Bu esa barcha zarur hujjatlarni smartfonda saqlash imkonini beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp AQShga koʻchib kelish uchun «oltin karta» tizimini joriy etishini ma’lum qilgan edi.