Yangiliklar

500 mln so‘mdan ortiq davlat xaridlarida qonun buzilishi aniqlandi

500 mln so‘mdan ortiq davlat xaridlarida qonun buzilishi aniqlandi / Foto: AndrewLozovyi / www.depositphotos.com

Raqobat qo‘mitasi tomonidan Sirdaryo, Jizzax va Buxoro viloyatlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida davlat xaridlari sohasida qator qonunbuzarliklar aniqlandi. Jami 500 mln so‘mdan ortiq mablag‘ shaffof bo‘lmagan shartnomalar asosida sarflangani qayd etildi.

Sirdaryo viloyatida Respublika O‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi tomonidan 85,3 mln so‘mlik va Guliston tuman 11-sonli «Nurli Maskan» ixtisoslashtirilgan maktab internati tomonidan 308,3 mln so‘mlik shartnomalar tuzilgan. Davlat xaridlari jarayonida raqobat cheklangani va tender shaffofligi buzilgani aniqlangan. Natijada hududiy boshqarma tomonidan ish qo‘zg‘atilib, mas’ullarga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralari ko‘rildi.

Jizzax viloyatida Zarbdor tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan 173,2 mln so‘mlik tender o‘tkazilgan bo‘lib, jarayonda muayyan ishtirokchilarga imtiyozli sharoit yaratilgani aniqlandi. Ushbu qonunbuzarliklar bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilib, mas’ullarga ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Buxoro viloyatida «Muruvvat» bolalar internat uyi tomonidan 300 mln so‘mlik davlat xaridi amalga oshirilgan. Ushbu holat ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinib, shaffoflik talablariga rioya etilmagani ma’lum bo‘ldi. Raqobat qo‘mitasi o‘rganish natijasida qonunbuzarliklarni tasdiqlab, mas’ullarga nisbatan tegishli choralar ko‘rdi.

Barcha aniqlangan qonunbuzilishlar bo‘yicha ish qo‘zg‘atilib, bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan iste’molchilardan ortiqcha olingan 200 mln so‘m qayta hisoblanishi haqida xabar bergan edi.