
Meeza kompaniyasi O‘zbekistonda IT-ta’limni rivojlantirish, raqamli texnologiyalarni joriy etish va biznes jarayonlari autsorsingini kengaytirishda yordam beradi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi ma’lum qildi.
Qatarning Doha shahrida bo‘lib o‘tgan «Web Summit Qatar – 2025» xalqaro IT-konferensiyasi doirasida O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi vakillari ishtirok etdi. Sammit davomida vazir o‘rinbosari Rustam Karimjonov, Meeza kompaniyasi bosh direktori Muhammad Ali Al-G‘aytaniy va Uzinfocom biznesni rivojlantirish direktori Baxtiyor Rizayev o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi.
Meeza – Qatarning yetakchi IT-xizmatlar yetkazib beruvchisi bo‘lib, infratuzilmani boshqarish, bulutli texnologiyalar, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari va kiberxavfsizlik kabi yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatadi. Kompaniya moliya, sog‘liqni saqlash, davlat boshqaruvi va neft-gaz sanoatida ham faoliyat yuritib, bozor kapitalizatsiyasi $0,5 mlrddan oshadi.
Tomonlar innovatsion yechimlarni ishlab chiqish, ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish va iqtisodiy o‘sishga xizmat qiluvchi tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha kelishib oldi.
Kelgusida Raqamli texnologiyalar vazirligi, Uzinfocom va Meeza hamkorlikni tizimli ravishda rivojlantirish hamda imzolangan memorandum doirasidagi loyihalarni samarali amalga oshirish uchun o‘zaro muvofiqlashtirilgan mexanizm yaratishni rejalashtirmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qatar O‘zbekistondagi IT startaplarga moliyaviy ko‘maklashishi haqida xabar bergan edi.