O‘zbekiston Markaziy banki ma’lumotlarni boshqarish tizimini 2027-yilgacha yakunlamoqchi

O‘zbekiston Markaziy bankida RegTech loyihasi doirasida bank va nazorat qilinadigan tashkilotlar o‘rtasida axborot almashish hamda tahlil qilish jarayonini soddalashtirishga mo‘ljallangan ma’lumotlarni boshqarish tizimini tashkil etish yuzasidan forum bo‘lib o‘tdi. Unda Markaziy bank va KPMG kompaniyasi vakillari, bank xodimlari qatnashdi.
Forumda asosan ma’lumotlarni boshqarish yo‘nalishlari, shuningdek, ushbu tizimning operatsion modeli, jarayonlari, rollari va texnologiyalari haqida ma’lumotlar berib o‘tildi. Shu bilan birga, tadbir doirasidagi panel sessiyada tijorat banklari vakillari ishtirokida ma’lumotlarni boshqarish bo‘yicha yangi yondashuvlarni yo‘lga qo‘yishda banklar duch kelayotgan dolzarb muammolar va ularning yechimlari to‘g‘risida ochiq muhokama qilindi. Shuningdek, mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha tajriba almashish maqsadida muntazam ravishda uchrashuvlar o‘tkazib borilishi ta’kidlab o‘tildi.
«Loyiha boshlanganidan buyon ma’lumotlarni boshqarish tizimini shakllantirish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur jarayon nazorat osti tashkilotlarida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Bugun bank xodimlariga tizim haqida ma’lumot bergan bo‘lsak, keyingi uchrashuvimiz moliya va to‘lov tashkilotlari bilan bo‘ladi. 2027–yilgacha bu tizimni to‘liq yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqdamiz», – dedi Markaziy bankning Loyihalar, jarayonlar va ma’lumotlarni boshqarish departamenti rahbari Go‘zal Raximova Kursiv Uzbekistan muxbiriga bergan intervyusida.
Banklarda ma’lumotlarni boshqarish tizimini yo‘lga qo‘yish orqali katta hajmdagi ma’lumotlarini saqlash, tezkor qidirish va qayta ishlashga erishish mumkin. Shuningdek, mijozlar, tranzaksiyalar, kreditlar va hisob-kitoblar haqida aniq va yangilangan ma’lumotlar saqlanib boradi. Xodimlar uchun hisobotlarni avtomatlashtirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yili Markaziy bank tomonidan ma’lumotlarni boshqarish tizimining joriy holati tahlil qilingan va natijalari asosida zaruriy jarayonlar, rollar va ishlab chiqiladigan tahliliy axborot tizimiga qo‘yiladigan texnik talablar bo‘yicha hujjat loyihalari ishlab chiqilgandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Markaziy bankning mikroqarzlar bo‘yicha yangi tartib joriy etayotgani haqida yozgan edi.