Yangiliklar

O‘zbekistonda 1-martdan nimalar o‘zgaradi

«Kursiv» 2025-yil 1-martdan boshlab O‘zbekistonda amalga oshadigan bir qator o‘zgarishlar haqidagi yangiliklarni keltirib o‘tadi.

Ipoteka subsidiyalariga qabul boshlanadi

Ipoteka subsidiyalariga ariza berish qachon boshlanadi
Foto: ashumskiy / www.depositphotos.com

Aholiga ipoteka kreditlari asosida subsidiyalar to‘lash bo‘yicha arizalar topshirish 3-mart kuni soat 09:00 dan boshlanadi. Bunda talabgorlar arizalarni Davlat xizmatlari markazlarida yoki Yagona portaldan jo‘natishlari mumkin.

Bu yilgi dastur doirasida 30 ming talabgorga subsidiyalar berish rejalashtirilgan. Subsidiya deganda uy-joy sotib olishda ipoteka kreditining boshlang‘ich to‘lovi va foizlarning bir qismi budjetdan qoplanadigan jarayon tushuniladi.

Bog‘cha xodimlariga onlayn malaka oshirish xizmati yaratiladi

Foto:
stockasso / www.depositphotos.com

Tajriba-sinov tariqasida respublikaning uzoq va chekka hududlaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagoglari uchun mobil malaka oshirish xizmatlari tashkil etiladi.

Pensiyalar avtomatik tayinlanadi

Foto: Pexels.com

Pensiya jamg‘armasi tomonidan fuqaroning shaxsiga oid barcha ma’lumotlari elektron olinadi. Bu qulaylik fuqaroga Pensiya jamg‘armasi ofislariga murojaat qilish zaruratini bermaydi. 

Uzcard sms-xabarnoma xizmati ikki barobar oshadi

Фото: 2GIS

Uzcard plastik kartalari bo‘yicha 5800 raqamidan keladigan SMS-xabarnoma xizmati 1-martdan boshlab qimmatlaydi. Yangi tarifga ko‘ra, xizmat narxi 168,4 so‘mni tashkil etadi, bu avvalgi narxga nisbatan ikki baravar ko‘p.

Mazkur o‘zgarish Play Mobile rasmiy veb-saytidagi (https://playmobile.uz/terms/) shartlarda ko‘rsatilgan. Shu sababli Uzcard foydalanuvchilari mart oyidan boshlab ushbu xizmat uchun yuqoriroq to‘lov amalga oshirishi kerak bo‘ladi.

Musiqa fani o‘qituvchilari yangi shaklda malaka oshiradi

Foto: Xalq ta’limi

Musiqa madaniyati fani o‘qituvchilari uchun nazariya va amaliyot uyg‘unlashgan holda malaka oshirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Unga ko‘ra, ta’lim dasturining nazariy qismi Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti hamda hududiy pedagogik markazlarda, amaliy qismi esa bolalar musiqa va san’at maktablarida tashkil etiladi. Ushbu markazlarga ishga qabul qilinadigan o‘qituvchilarga soatbay asosda ish haqi to‘lanadi.

Ov mavsumi yopiladi

O‘zbekistonda ov mavsumi
Foto: Ekologiya vazirligi

«Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq, 1-martdan 15-avgustgacha ov mavsumi yopiladi.

Bu davrda yovvoyi hayvonlar va qushlarni ovlash qat’iyan taqiqlanadi. Qoidabuzarlarga nisbatan qonuniy choralar ko‘riladi.

Nogironligi bo‘lgan bolalarga kunduzgi parvarish xizmati yo‘lga qo‘yiladi

bola

Nogironligi bo‘lgan bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmati bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bunda dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrida yo‘lga qo‘yiladigan tizim 2025-yil 1-oktabrgacha respublikaning barcha hududlarida amalga oshiriladi.

Xizmat davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladi va 3-yoshdan 18-yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan.

Skuter, moped va elektro-skuterlar uchun haydovchilik guvohnomasini olish boshlanadi

Foto: Autostrada

1-martdan skuter, moped va elektro-skuterlarni boshqarish uchun «A» toifali haydovchilik guvohnomasini olish hamda o‘z vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ishlari boshlanadi. Mazkur sanagacha guvohnomasiz skuterda harakatlanishga ruxsat beriladi, lekin keyin hujjatsiz boshqarish uchun 5 BHM miqdorida jarima solinadi.

Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish xarajatlari 1,4 mln so‘mni tashkil etadi. Haydovchilik imtihonini topshirish narxi esa 1 mln so‘mdan boshlanadi.

Ko‘chmas mulk ijarasi va oldi-sotdisida yangi tartib joriy etiladi

Mol-mulk shaklidagi xayriyalar
Foto: Pexels.com

Mahalliy davlat hokimiyati organlariga tegishli ko‘chmas mulk obyektlari yangi tartibda ijaraga berilishi va sotilishi rejalashtirilmoqda.

Unga ko‘ra, hududi 10 ming kvadrat metrga teng bo‘lgan va baholangan, qiymati 5 ming BHMdan oshmagan obyektlar, tadbirkorlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri 10 yil muddatga ijaraga beriladi. Bunda tadbirkorlar yangi loyihalarni ishga tushirishi va ish o‘rinlari yaratishi shart.

Shuningdek, davlat mulki uchun 4 yil davomida uzluksiz ijara to‘lovlarini amalga oshirgan va shartlarni bajargan tadbirkorga xususiylashtirish yoki sotish imkoniyati taqdim etiladi.

Yolg‘iz ona(ota) uchun farzandining bog‘cha to‘lovida moddiy yordam beriladi

Foto: Depositphotos

1-martdan boshlab yolg‘iz ona yoki otaga bir nafar farzandi uchun bolalari 3 yoshga to‘lguniga qadar maktabgacha ta’lim xizmatidan foydalanishga BHMning 1,5 baravari, ya’ni 562 ming so‘mgacha miqdorda moddiy yordam beriladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan O‘zbekistonda Ramazon 1-martdan boshlanishi haqida yozgan edi.