Yangiliklar

O‘zbekistonda «Raqamli sud» konsepsiyasi joriy etiladi

Buning uchun Oliy sud huzurida Axborot texnologiyalari markazi tashkil qilinadi
Foto: Sud.uz

Shavkat Mirziyoyev sud tizimini takomillashtirish va raqamlashtirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, sudlar faoliyatining samaradorligini oshirish, ochiqlikni ta’minlash hamda aholi uchun qulayliklar yaratish asosiy maqsad sifatida belgilandi.

So‘nggi yillarda sud tizimini rivojlantirish uchun 70 ga yaqin qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi. Natijada sud ishlarini elektron shaklda yuritish va onlayn xizmatlardan foydalanish kengaydi. Bugungi kunda sud jarayonlarining 14 ta xizmati raqamlashtirilgan bo‘lib, 17 milliondan ortiq sud ishi axborot tizimlari orqali yuritilgan.

Yig‘ilishda sud faoliyatini to‘liq raqamlashtirish maqsadida «Raqamli sud» konsepsiyasini joriy etish rejalashtirilayotgani ta’kidlandi. Shu maqsadda Oliy sud huzurida Axborot texnologiyalari markazi tashkil etiladi. Bu markaz sun’iy intellekt va elektron xizmatlarni sud tizimiga tatbiq qilish bilan shug‘ullanadi.

Bundan tashqari, nizosiz ishlarni sudlarga yetkazmasdan hal qilish, sudlarni xalqaro standartlarga moslashtirish hamda sudyalar malakasini oshirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi. Shu orqali sud tizimining tezkorligi va samaradorligi oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident Xalqaro dzyudo federatsiyasi rahbarini «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlagan edi.