Prezident Ramazon oyi munosabati bilan o‘zbek xalqini tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev butun xalqimizni va barcha mo‘min-musulmonlarni muborak Ramazon oyining boshlanishi bilan tabrikladi.
Unga ko‘ra, davlat rahbari o‘z murojaatida mazkur qutlug‘ oy ezgulik, xayr-saxovat va mehr-oqibat ramzi ekanini ta’kidlab, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi yo‘lida qilinayotgan islohotlarning inson qadri va baxt-saodatiga xizmat qilishini alohida qayd etdi.
Hozirgi vaqtda barcha soha va tarmoqlardagi islohotlarimiz muqaddas islom dinining odamiylik mohiyatiga uyg‘un bo‘lgan «Inson qadri uchun, inson baxti uchun» degan ezgu g‘oya asosida amalga oshirilayotganini ko‘plab misollarda ko‘rish mumkin.
Jumladan, ijtimoiy himoya tizimi samarasini yuksaltirish, bemorlar, nogironligi bo‘lgan, keksa va yordamga muhtoj insonlarni, yoshlar va xotin-qizlarni, chet ellardagi fuqarolarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, farzandlarimizning ta’lim-tarbiyasiga e’tiborni kuchaytirish, muqaddas qadamjo va ziyoratgohlarni obod qilishga qaratilgan sa’y-harakatlar tobora kengayib borayotganini ta’kidlash lozim, deydi Mirziyoyev o‘z tabrigida.
Davlat rahbari ijtimoiy himoya, ta’lim, sog‘liqni saqlash va diniy qadriyatlarni e’zozlash yo‘nalishlarida olib borilayotgan ishlarning ahamiyatini ta’kidladi. Shuningdek, dunyo miqyosidagi mojarolar va nizolarning yakun topishi, tinchlik va bag‘rikenglik mustahkamlanishi uchun duolar qilinishini bildirdi.
Prezident barcha vatandoshlarimizga sihat-salomatlik, farovonlik va xonadonlariga fayz-baraka tiladi hamda ushbu muqaddas oydagi ibodat va ehsonlarning qabul bo‘lishini so‘rab, xalqimizning ezgu niyatlari amalga oshishini tiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyevga Ka’ba yopinchig‘i kisvasining bir parchasi sovg‘a qilingan edi.