
Tailandda 2025-yil oxirigacha chet elliklar uchun turistik soliq joriy etilishi mumkin. Bu haqda mamlakat turizm va sport vaziri Soravong Tienthong ma’lum qildi.
Toʻlov bir kishi uchun 300 bat (taxminan 114 ming soʻm) boʻladi. Bu miqdor Tailandga samolyotda kelganlardan undirilishi rejalashtirilgan. Mamlakatga quruqlik yoki suv transporti orqali tashrif buyurishni istaganlar uchun biroz boshqacha soliq tizimi taqdim etiladi. Ular ham 300 bat toʻlaydilar, lekin Tailandga bir yoki ikki oy ichida bir emas, balki bir necha marta kirishlari mumkin boʻladi.
Ushbu soliqni joriy etishning aniq muddati hali noma’lum. Mablagʻ yigʻish mexanizmini ishga tushirish uchun Tailandning raqamli tashrif kartasi (TDAC) muomalaga chiqarilishi kerak. Hukumat hisob-kitoblariga koʻra, TDAC 1-maydan ishga tushadi. Chet elliklar uchun turistik soliq 2025-yil oxirida kuchga kiradi.
«Turizm soligʻi sayyohlarni tushkunlikka soladigan darajada yuqori boʻlmasligi mumkin, ammo uni yigʻish qiyin boʻlsa, muammolar paydo boʻladi. Bizning maqsadimiz jarayonni imkon qadar qulay qilishdir», – degan Tienthong.
Eslatib oʻtamiz, Kursiv Uzbekistan Tailand sayyohlar uchun mamlakatga kirish qoidalarini oʻzgartirgani haqida yozgan edi.